Dunyodagi eng boy yozuvchi yoki Garri Potterni “kashf qilgan” ayol

U jahonning eng boy yozuvchisi degan nomga erishish uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Dastlab onasini yo‘qotdi, birinchi turmush muvaffaqiyatsiz kechdi, oddiy kotiba bo‘lib ishladi, ammo to‘xtab qolmadi.
50 15:42 | 09.09.2026 15:42


Qahramonimiz, britaniyalik yozuvchi Joan Rouling kitob yozib milliarder bo‘lishga yaqqol misol sanaladi. Ko‘pchilik biladigan adabiy qahramon Garri Potterning ma’naviy “onasi” sanalgan yozuvchi ayolning bugungi boyligi 1 milliard dollardan oshadi.



Joan Rouling 1965 yil 31 iyulda Angliyaning Yeyt shahrida oddiy oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Piter Jeyms Rouling Rolls-Royce kompaniyasida ishlagan, onasi Enn Rouling esa uy bekasi edi. Bo‘lajak yozuvchi ikki yoshga to‘lganida singlisi Diana dunyoga keldi. 1969 yilda oila Vinterburn qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi. Qizchaning bolaligi deyarli tashvishsiz o‘tgan, buni Joanning ko‘plab fotosuratlari tasdiqlaydi. Roulingning o‘zi ham bolaligini har doim tabassum bilan eslaydi, chunki ota-ona o‘z bolalariga juda g‘amxo‘r edi. Aynan ular qizda adabiyotga muhabbat uyg‘otishgan.



Joan o‘zining birinchi hikoyasini olti yoshida yozgan va hech qachon yozishni to‘xtatmagan. 1974 yilda Rouling oilasi Tutshill qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi. Bu ko‘chish to‘qqiz yoshli qiz uchun haqiqiy zarba bo‘ldi, chunki Joan maktabdagi do‘stlarini juda yaxshi ko‘rar va qadrlardi. Olti yil o‘tgach, yosh yozuvchining hayotida fojiali voqea yuz berdi: onasi skleroz bilan kasalandi. Keyingi o‘n yil ichida kasallik avj oldi va u vafot etdi. Eng yaqin insonini dafn etgandan so‘ng, 1990 yilda Joan Tutshillni tark etib, Londonga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Frantsuz tilshunosligi bo‘yicha dissertatsiyasini tugatgandan so‘ng, u Amnesty International tashkilotida kotiba lavozimiga ishga kirdi. Shu davrda Rouling birinchi marta oila qurdi va ular Manchesterga ko‘chib o‘tishdi. Yozuvchi aynan Manchesterdan Londonga ketayotgan poyezdda mashhur dumaloq ko‘zoynak taqqan sehrgar bola — Garri Potterga o‘xshash chehrani uchratganini va uni kitoblarida tasvirlaganini aytadi.



Aynan Garri Potter yozuvchi faoliyatining cho‘qqisi va poydevoriga aylandi. Roulingning karerasi birinchi kitob – “Garri Potter va faylasuf toshi” (1997) nashr etilishi bilan boshlangan deb hisoblanadi. U dastlab mingta nusxada sotildi. Shu yil noyabrda kutilmaganda bu kitob Nesyle Smarties kitob mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1998 yilda Rouling xalqaro miqyosda tan olingan Vritish Book Award mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uning asarining bunday muvaffaqiyati va e’tirofidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlarda kim oshdi savdosi o‘tkazildi, unda “Falsafa toshi” nashriyot huquqi sotuvga qo‘yildi. AQSh nashriyoti Scholastic Incorporation 105 000 dollar to‘lab, tenderda g‘olib chiqdi. 1998 yil yozida esa asarning davomi bo‘lgan “Sirlar xonasi” nashr etildi; 2000 yilda uchinchi kitob – “Garri Potter va Azkaban asiri” nashr etildi. To‘rtinchi kitob – “Olov qadahi” barcha savdo rekordlarini yangiladi va 24 soat ichida 373 000 nusxada sotildi. Mashhur asarning beshinchi qismi “Garri Potter va Feniks ordeni” 2003 yilda nashr etildi. Ikki yil o‘tgach, oltinchi kitob “Garri Potter va zoti past shahzoda” 24 soat ichida 9 million nusxada sotilib, avvalgi barcha savdo rekordlarini yangiladi. 2007 yilda sehrgar bola hikoyasining yettinchi qismi “O‘lim tuhfalari” yakunlandi.



Bugungi kunga qadar fantastik dostonning barcha yetti qismi bir necha o‘nlab tillarga tarjima qilingan. Bundan tashqari, Roulingning romanlari ajoyib filmlarga moslashtirildi, ularni rejissyorlar Kris Kolumbus, Alfonso Kuaron va Devid Yeytslar ekranlashtirdi. 2016 yil yozida Londonda “Garri Potter va la’natlangan bola” spektakli premerasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab mish-mishlar va muxlislarning taxminlaridan farqli o‘laroq, bu asar romanning to‘liq sakkizinchi qismi emas, balki teatrlashtirilgan spektakl stsenariysi edi. “La’natlangan bola”ning asl mualliflari Jek Torn va Jon Tiffanidir. Asar “O‘lim tuhfalari” voqealaridan 19 yil o‘tib sodir bo‘lgan yangi hikoya sanaladi.



Garri Potter haqidagi romanlardan tashqari, muallif boshqa asarlari bilan ham tanilgan. “Fantastik maxluqlar va ularni qayerdan topish mumkin” – bu Nyut Skamander taxallusi ostida nashr etilgan yagona kitob sanaladi. Bu go‘yoki sehrli zoologiya bo‘yicha darslikdir. Rouling kitob savdosidan tushgan mablag‘ning katta qismini (taxminan 13 million funt sterling) yirik bolalar xayriya tashkilotlariga xayriya qilgan.



Robert Gelbreyt taxallusi bilan nashr etilgan xususiy detektiv Kormoran Strayk haqidagi asarlar ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu turkumga “Ipak qurti”, “Yovuzlik xizmatida” va “Buzuq qon” va boshqa asarlar kiradi. 2016 yilda ushbu seriyaning dastlabki uchta kitobi “Strayk” teleserialiga moslashtirilishi e’lon qilindi. 1-mavsum premerasi 2017 yil avgustda bo‘lib o‘tdi.



2020 yilda yozuvchi muxlislari uning Garri Potterdan keyingi birinchi bolalar romani “Ikabog”ni yuqori baholadilar. Joanning o‘zi aytganidek, bu asar deyarli 10 yil oldin, Potter haqida kitoblar chiqqan vaqt oralig‘ida yozilgan. Romanni tugatgandan so‘ng, muallif ijodiy tanaffus qilishga qaror qildi va uni nashr etishni keyinga qoldirdi, faqat farzandlariga o‘qib berdi. 2021 yil aprel oyida britaniyalik yozuvchi yangi bolalar kitobining chiqarilishini e’lon qildi. Hikoya yo‘qolgan sevimli o‘yinchog‘ini qidirish uchun yo‘lga chiqadigan Jek ismli bolaning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.



2024 yil may oyi boshida Rouling o‘zining Kormoran Strayk haqidagi detektiv seriyasiga yana oltita kitob qo‘shishni rejalashtirayotgani haqidagi e’lon bilan muxlislarini xursand qildi. Time nashriga bergan intervyusida britaniyalik yozuvchi birinchi kitob ustida ish boshlaganini, qolganlari esa keyinroq yozilishini tan oldi. “Garri Potter” muallifi shuningdek, yangi hikoyalar uchun g‘oyalar kutilmagan joylarda va vaziyatlarda, masalan, oshxonada ovqat pishirayotganda paydo bo‘lishini ta’kidladi. Bu izoh boshqa bir mashhur yozuvchi Agata Kristining detektiv hikoyalari uchun syujetlarni idish yuvayotganda o‘ylab topish haqidagi so‘zlarini eslatadi.



Joan Roulingning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri yozuvchilikdan katta moliyaviy foyda topa olgani sanaladi. Roulingning adabiy merosi qiymati yuzlab milliardlab dollarga yetadi va Garri Potter brendining o‘zi 15 milliard dollarga baholangan.

2010 yillarning oxirlarida, uning katta xayriya ishlari tufayli (o‘sha paytga kelib, muallif bolalar xayriya tashkilotlariga 160 million dollardan ortiq xayriya qilgan edi), u vaqtincha milliarderlar ro‘yxatidan chiqib ketdi. Ammo tez orada nashrlar, film stsenariylari va boshqa daromadlar tufayli o‘z mavqeini qaytarib oldi. 2021 yilda The Sunday Times Roulingning shaxsiy boyligini 1,1 milliard dollarga baholadi. Milliarder ayol Shotlandiyadan XIX asrga oid qasr va Londonning boy mahallasidan 57 million dollarga uy xarid qilgan. Rouling shuningdek, hashamatli yaxta sotib oldi (bu yaxtaning avvalgi egasi mashhur aktyor Jonni Depp bo‘lgan).



Yozuvchining asosiy sevimli mashg‘uloti sayohat qilish hisoblanadi. Ijodkor intervyularidan birida buning uchun mablag‘ni ayamasligi haqida gapirib o‘tgan. 2025 yil iyul oyida 60 yoshini nishonlagan J.K. Rouling yangi asarlar ustida ishlashda davom etmoqda. Shuningdek, uning avvalgi asarlariga nisbatan ham jamoatchilikning qiziqishi kuchli bo‘lib qolayotir.



Abror Zohidov
Ishonch.uz



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid