Xodim ish joyini o‘zgartirsa, kasallik nafaqasini kim to‘laydi?

137 19:00 | 09.09.2026 19:00

Cavol: Xodim bir kalendar yili davomida turli ish beruvchilarda ishlasa va bir necha marta vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatiga tushsa, kasallik nafaqasini kim to‘lashi kerak? Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Masalan, xodim sentabr oyida A ish beruvchida ishlab turgan vaqtida 5 kunga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi oldi va ushbu davr uchun nafaqa to‘landi. oktabr oyida esa A ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilib, B ish beruvchiga ishga o‘tdi. dekabr oyida yana 5 kunga kasallik varaqasi oldi. Bunday holatda nafaqani B ish beruvchi to‘laydimi?

Savolga huquqshunos Muhammadamin Karimjonov javob beradi.

–Yo‘q. Bu holatda ikkinchi martagi vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uchun nafaqa Jamg‘arma tomonidan to‘lanadi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 dekabrdagi 796-son qaroriga 4-ilova bilan tasdiqlangan «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 20-bandiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasining tegishli kalendar yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining dastlabki 5 kunigacha bo‘lgan qismi ish beruvchi tomonidan, 6-kundan boshlab esa Jamg‘arma tomonidan to‘lanadi.
Muhimi, mazkur normada aynan qaysi ish beruvchi nazarda tutilgani emas, balki xodimning shu kalendar yildagi mehnatga layoqatsizlik davri hisobga olinadi.
Ya’ni xodim bir kalendar yili ichida ish joyini o‘zgartirgan bo‘lsa ham, bu holat nafaqa to‘lash tartibini yangidan boshlamaydi.
Yuqoridagi misolda xodim sentabr oyida A ish beruvchida kasal bo‘lib, mehnatga layoqatsizlik davrining dastlabki 5 kuni uchun nafaqa olgan. Shuning uchun u dekabr oyida B ish beruvchida yana vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lganida, mazkur kalendar yil uchun dastlabki 5 kunlik qism allaqachon ish beruvchi tomonidan qoplangan hisoblanadi.
Shu sababli, ish beruvchining A yoki B ekani ahamiyatga ega emas. Xodimning kalendar yil davomidagi vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatlari umumiy tartibda hisobga olinadi.
Demak, ish joyini o‘zgartirish xodimga bir kalendar yilida dastlabki 5 kunlik nafaqani qaytadan yangi ish beruvchidan olish huquqini bermaydi. Belgilangan tartibdagi nafaqa keyingi holatda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid